FVV ogohlantiradi:
28 oktyabr kuni ob-xavo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida joylarda yog'ingarchilik bo'lib o'tadi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat 18-23 C iliq bo'ladi.

XAVFSIZLIK CHORALARI KUCHAYTIRILDI

Bugungi kunda  yurtimizda tabiiy gaz arzon yoqilg‘i sifatida hayotimizda muhim o‘rin egallashi hech kimga sir emas. Ammo, uning yong‘in-portlash xavfi insonlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini unutmaslik lozim va bu omil xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etilishini talab etadi.

So‘nggi vaqtlarda transport vositalarida ro‘y berayotgan ko‘ngilsiz hodisalar – yong‘in va portlashlar haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Birgina Jizzax viloyatining o‘zida joriy yilda transportdan foydalanish qoidalarini buzish, yo‘l-transport hodisalari va boshqa sabablar oqibatida 23 ta yong‘in va gaz ballon portlashi holatlari qayd etilib, 522 million so‘mdan ortiq moddiy zarar ko‘rilgan. Xususan, joriy yilning 22-sentabr kuni Zomin tumanida “Nexia” rusumli yengil avtomobilda elektr simlarining qisqa tutashuvi oqibatida yong‘in kelib chiqqan va avtomobilning salon qismi yonib zararlangan, 8-sentabr kuni Sh.Rashidov tumanida “Gazel” rusumli yuk avtomobilida nosozlik natijasida gaz balloni portlagan, 6-sentabr kuni G‘allaorol tumanida “Kamaz” rususli yuk avtomobilida gaz uskunasidagi nosozlik oqibatida ro‘y bergan yong‘in esa transport vositasi butunlay yaroqsiz holatga kelib qolishiga sabab bo‘lgan, 28-iyun kuni Jizzax shahrida joylashgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyasida kelib chiqqan yong‘in oqibatida “Matiz” hamda “Nexia” rusumli avtomashinalar yonib ketgan, 30-may kuni shahardagi yana bir stansiyada “Dong Feng” rusumli avtomobil yonishi natijasida 116 million so‘mlik moddiy zarar ko‘rilgan.

Yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda joylarda profilaktik tadbirlar kuchaytirildi. Fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Jumladan, Forish tumanida joylashgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyasida ham ayni shu maqsadda maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda maskan ishchilari, tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassislari va boshqa tezkor xizmatlar vakillari ishtirok etishdi.

Mashg‘ulot davomida stansiya xodimlarining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi tekshirilib, avariya va texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etishdagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish, jabrlanuvchini qutqarish va birinchi yordam ko‘rsatish tartibi amalda ko‘rsatilib, qutqaruv xizmatlarining hamkorligi mustahkamlandi.

Yakunda ishchi va haydovchilarga xavfsizlik qoidalari tushuntirilib, stansiya hududida yong‘in xavfsizligi qoiadlariga qat’iy rioya qilish lozimligi, gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanishni ta’minlash uchun har bir avtomobil haydovchisi ularning yaroqligini belgilangan muddatlarda ko‘rikdan o‘tkazib turilishini ta’minlashi va holatini kunlik nazoratdan o‘tkazishi, gaz ballonlarini to‘ldirish jarayonida belgilangan reglamentga qat’iy rioya qilishi xavfsizlik kafolati ekanligi ta’kidlandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech