FVV ogohlantiradi:
28 oktyabr kuni ob-xavo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida joylarda yog'ingarchilik bo'lib o'tadi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat 18-23 C iliq bo'ladi.

PROFILAKTIK TADBIRLAR DAVOM ETMOQDA

“Chorshanba – favqulodda vaziyatlar profilaktikasi kuni” tadbiri davomida yongʻin, chaqnash, is gazidan zaharlanish va boshqa koʻngilsiz hodisalarning oldini olish, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish maqsadida keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jizzax viloyati FVB tomonidan oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlar nihoyatda samarali oʻtdi. Shu kuni viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati va xodimlari tomonidan davlat hokimiyati organlari, gaz taʼminoti va elektr tarmoqlari korxonalari mutaxassislari, profilaktika inspektorlari hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda viloyatning Doʻstlik, Forish, Gʻallaorol, Baxmal va boshqa tumanlarida profilaktik tadbirlar olib borildi.
Jumladan, Gʻallaorol tumanida ishchi guruh aʼzolari erta tongdan oʻz faoliyatini boshladi. Dastlab, tuman markaziy bozorining yongʻinga qarshi holati nazoratdan oʻtkazildi. Hech kimga sir emaski, bozor va savdo markazlarida roʻy bergan halokatli yongʻinlarni oʻchirishga juda koʻp kuch va vositalar jalb etilishiga qaramasdan katta moddiy zarar koʻriladi. Bunga asosiy sabab ularda yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasligidir. Buni Gʻallaorol tumani bozori misolida ham koʻrish mumkin. 2020-yilda ishga tushirilgan yangi bozor loyihasida xavfsizlik qoidalari hisobga olingan boʻlsa-da, amalda unday emas. Oʻtish yoʻllari turli uskuna va mahsulotlar bilan toʻsib qoʻyilgan, qutqaruv avtomobilining harakatlanishi uchun juda koʻp vaqt sarflashga toʻgʻri keladi. Bozorga kirish va chiqish darvozalari oldiga yengil avtomobillar qoʻyib ketilgan. Bordi-yu biror koʻngilsizlik roʻy bersa, maxsus texnikaning yetib borishi amri mahol.
Tadbir davomida bozor hududidagi doʻkon va umumiy ovqatlanish shoxobchalarining yongʻin xavfsizligi holati oʻrganilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi. Afsuski, bir necha bor ogohlantirishga qaramasdan, xavfsizlik qoidalarini qoʻpol ravishda buzib kelayotgan, bu bilan oʻzini va boshqa fuqarolar hayotini xavf ostiga qoʻyayotgan shaxslar ham uchramoqda. Ayniqsa, nosoz, sertifikati yoʻq, sinovdan oʻtkazilmagan gaz ballonlaridan oʻz bilganicha foydalanish holatlari kishinii tashvishga soladi. Yaqinda, aynan nosoz gaz ballonlar sababli roʻy bergan baxtsiz hodisa oqibatida Samarqand viloyatida 10 kishi jiddiy tan jarohati olgan edi. Bu kabi koʻngilsizliklar takrorlanmasligi uchun albatta xushyorlikni oshirish va xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etish talab etiladi. Shu sababli, gaz ballonlarining texnik koʻrikdan oʻtkazilishi nazoratga olindi. Shuningdek, bozor maʼmuriyati va tadbirkorlar oʻrtasida targʻibot ishlari olib borilib, xavfsizlik qoidalariga amal qilish barcha uchun muhimligi, bir kishining eʼtiborsizligi oqibatida barcha birdek jabr koʻrishi mumkinligi hayotiy misollar bilan tushuntirildi.
Tahlillar yongʻinlarning asosiy qismi aholi yashash xonadonlarida sodir boʻlayotgani, bunga isitish pechlari, elektr uskunalari va olovdan ehtiyotsizlik asosiy sabablar ekanligini koʻrsatmoqda. Shuning uchun, soha xodimlari tomonidan aholi yashash joylarida targʻibot-tashviqot ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, tumanning Samarqand va Gʻafur Gʻulom mahallalarida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlarda fuqarolarga kundalik hayotda tez-tez uchraydigan nosoz va qoʻlbola elektr isitish pechlaridan foydalanmaslik, elektr uskunalarini nazoratsiz qoldirmaslik, ochiq olovdan foydalanishda ehtiyot choralarini koʻrish, yosh bolalarni qarovsiz qoldirmaslik kabi yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy amal qilish borasida tushuntirish ishlari olib borildi. Shu bilan bir qatorda aniqlangan kamchiliklarni darhol bartaraf etish choralari koʻrilib, mutaxassilar tomonidan moʻri va dudboʻronlarning sozligi, gaz uskunalarining texnik holati taftishdan oʻtkazildi.
Bu kabi profilaktik tadbirlar oʻz samarasini koʻrsatib, shu kuni tuman hududida yongʻin va boshqa koʻngilsiz holatlar qayd etilmadi.

So'rovnoma

Saytning yangi dizayni yoqdimi?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech