FVV ogohlantiradi:
28 oktyabr kuni ob-xavo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida joylarda yog'ingarchilik bo'lib o'tadi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat 18-23 C iliq bo'ladi.

NOSOZ GAZ BALLONLARIDAN FOYDALANISH HOLATLARI ANIQLANDI

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va yong‘in xavfsizligini ta’minlashga doir profilaktik tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Tadbirlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan bir qatorda aniqlangan kamchiliklarni darhol bartaraf etish, nosoz elektr va gaz uskunalarini tuzatish, yaroqsiz gaz ballonlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, M39 Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining Paxtakor va Sh.Rashidov tumanlari hududidagi qismida yo‘l yoqasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalarida o‘tkazilgan profilaktika ishlarida ham bir qator kamchiliklar – aniqrog‘i, yonish va portlash xavfi mavjud holatlar aniqlandi.

O‘rganishlar davomida “Jasurjon golden biznes” MChJga qarashli Qang‘li choyxonasida 6 dona meditsina kislorod balloni, 1 dona 100 litr sig‘imli kapron gaz ballonlariga o‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz quyib, xavfli sharoitda foydalanish holati aniqlandi. Yerga o‘rnatilgan gaz ballonlariga “qo‘lbola elektr isitish uskunasini o‘rnatish g‘oyasi” xavf darajasini yanada oshirgan. Nosoz ballonlardan sizib chiqqan tabiiy gaz istalgan vaqtda elektr toki ta’sirida yonib ketishi mumkin.

Shu yo‘nalishda joylashgan Odiljon choyxonasida yuk avtomobiliga o‘rnatilgan 7 ta kislorod ballonidan foydalanilmoqda. E’tibor berib qarasangiz, tashqi muhit va yog‘ingarchilik ta’sirida ballonlarning rangi o‘chib, metallning tashqi qismi sezilarli darajada yemirilganligining guvohi bo‘lasiz. Kislorod  ballonlari bu joyga o‘rnatilgandan buyon biron marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Sertifikati yo‘q. Bu yerda ham yuqoridagi kabi holat – elektr isitish pechi topildi.

Xuddi shunday 1 dona 100 litr sig‘imli kapron gaz ballonidan foydalanish holati “Durdon shirin taomlari” oilaviy korxonasida ham aniqlandi. Shunga o‘xshash holatlarni “Oltinsoy”, “Afsona” va boshqa ovqatlanish shoxobchalarida ham uchratish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur umumiy ovqatlanish shoxobchalarida “Xavfsizlik – o‘z yo‘liga, muhimi – daromad” tamoyiliga amal qilinmoqda. Bordi-yu, bir falokat yuz bersa, oqibati nima bilan tugashi hech kimning hayoliga kelmayapti. Axir, “ko‘za kunda emas, kunida sinadi”.

Hozirda aniqlangan holatlar bo‘yicha ishchi guruh a’zolari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, o‘rnatilgan tartibda sud organlariga yuborilmoqda. Shuningdek, fuqarolar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, siqilgan va suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish tartibi tushuntirildi. Gaz ballonlari esa sinovdan o‘tkazish va yaroqliligini aniqlash uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi.

Profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

So'rovnoma

Saytning yangi dizayni yoqdimi?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech