FVV ogohlantiradi:
28 oktyabr kuni ob-xavo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida joylarda yog'ingarchilik bo'lib o'tadi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat 18-23 C iliq bo'ladi.

FAXRIYLARGA HURMAT VA EHTIROM KO‘RSATILDI

 “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari ham soha faxriylari xonadonida bo‘lib, ularning holidan xabar olishdi.  

– Men ko‘p sinovli kunlarni boshdan kechirganman, – deydi iste’fodagi podpolkovnik Botir Mamashukurov. –  Olovli jang maydonlarida bo‘ldim, ko‘plab insonlarni olov changalidan qutqarishga muvaffaq bo‘ldim, yuzlab yong‘inlarni o‘chirishda bevosita qatnashdim. Hozir yosh habiy xizmatchilarni ko‘rib o‘sha davrlar ko‘z oldimga keldi. Biz yoshi ulug‘lar ko‘pni ko‘rgan insonlar sifatida ibrat namunasi ko‘rsatib, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsak, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlasak, soha yanada rivoj topishiga ishonaman.

Tadbir bahonasida xonadon sohibiga oziq-ovqat mahsulotlari hamda esdalik sovg‘alari hadya qilindi. Botir Mamashukurov o‘zining hayotiy o‘gitlari, pand-nasihatlarini shogirdlari bilan o‘rtoqlashdi. Navbatdagi manzil esa Sharof Rashidov tumanida istiqomat qilayotgan soha faxriysi Nuriddin Oloviddinovning xonadoni bo‘ldi. 

– Yurtimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni har kuni kuzatib boraman, – deydi u. – Muhtaram Prezidentimizning joylarga tashriflari chog‘ida har gal keksa avlod vakillari bilan uchrashib, nuroniylarning shunchaki duogo‘y emas, aksincha, jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan qatlam bo‘lishi kerakligi haqidagi gaplari menga shijoat bag‘ishlaydi. Ayni paytda mahallamizda tashkil etigan “Keksalar maslahati” guruhi a’zosiman hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga imkon qadar o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilyapman.

Shu kuni soha faxriylari ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun tadbir tashkilotchilaridan minnatdor bo‘lishdi, xodimlarning kasb-korlariga baraka tilab, xayrli ishlarini bardavom bo‘lishiga ishonch bildiriishdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech