FVV ogohlantiradi:
28 oktyabr kuni ob-xavo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida joylarda yog'ingarchilik bo'lib o'tadi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat 18-23 C iliq bo'ladi.

FAXRIYLAR DOIM E’ZOZDA

 Keksalik – inson umrining donishmandlik pallasi. Chunki umrning bu dovoniga yetib kelgunga qadar kishi ne-ne sir-sinoatlarni anglab yetadi, hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘radi. “Qarisi bor uyning parisi bor” hikmatining mazmuni ham shunga ishora. Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan ham bir qator tadbirlar tashkil etildi. Dastlab, yong‘in-qutqaruv xizmatida uzoq yillar samarali mehnat qilib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishda jasorat namunasini ko‘rsatgan bir guruh faxriylar va yosh harbiy xizmatchilar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi. Unda olovli jang maydonlarida toblanib, ko‘plab insonlarning hayoti va mol-mulkini yong‘in changalidan qutqargan keksa qutqaruvchilar o‘z hayot yo‘llarini yoshlarga so‘zlab berib, o‘tmish xotiralari bilan o‘rtoqlashishdi. Minnatdorchilik sifatida faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng, keksa avlod vakillari va yoshlar shaxmat va shashka musobaqalarida o‘zaro bellashib ko‘rishdi. Aql gimnastikasida ham nuroniylar yoshlarga o‘ziga xos master-klass ko‘rsatishib, har jabhada g‘olib kelishdi. Kun davomida faxriylar uchun Jizzax shahrida joylashgan Sharof Rashidov muzeyiga sayohat ham tashkil etildi. Mazkur tashrif nafaqadagi harbiy xizmatchilar va ularning yosh izdoshlarida katta taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng, ular uchun bayram dasturxoni yozildi.

Shuningdek, boshqarma xodimlari tadbirda qatnasha olmagan boshqa faxriylarning xonadonida bo‘lib, ularning holidan xabar olishdi. Iste’fodagi podpolkovnik Botir Mamashukurov o‘zining hayotiy o‘gitlari, pand-nasihatlarini shogirdlari bilan o‘rtoqlashdi. Sharof Rashidov tumanida istiqomat qilayotgan soha faxriysi Nuriddin Oloviddinov ham nuroniylarning shunchaki duogo‘y emas, aksincha, jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan qatlam bo‘lishi kerakligini aytib, har doim ko‘makka shay ekanligini ta’kidladi. U ayni paytda “Keksalar maslahati” guruhi a’zosi sifatida mahalla fuqarolari orasida katta hurmat qozongan faxriylardan biri. Tadbir bahonasida guruh a’zolariga oziq-ovqat mahsulotlari hamda esdalik sovg‘alari hadya qilindi.

Shu kuni soha faxriylari ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun tadbir tashkilotchilaridan minnatdor bo‘lishdi, xodimlarning kasb-korlariga baraka tilab, xayrli ishlarini bardavom bo‘lishiga ishonch bildiriishdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech